Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oʻzbekiston SSRdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasia
Узбекская Советская Социалистическая Республика
Ўзбекистон Совет Социалистик Республикаси
Turkiston ASSR tarkibida (1918-24)
Sovet Ittifoqi respublikasi (1924-91)
De facto suveren davlat (1990-91)
1924—1991
Flag
Bayroq (1952-91)
Gerb (1981-92)
Gerb (1981-92)
Shior
Butun dunyo proletarlari, birlashingiz!
Madhiya
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat madhiyasi

Oʻzbekiston SSRning (qizil) Sovet Ittifoqida joylashuvi
Poytaxti Buxoro (1925)
Samarqand (1925—1930)
Toshkent (1930—1991)
Til(lar)i Rasmiy tillar:
Oʻzbek ·Rus
Ozchiliklar tillari:
Tojik ·Qoraqalpoq ·Qozoq
Etnoxoronimi Oʻzbek
Sovet
Hukumati Unitar Marksist-Leninist bir partiyali sovet sotsialistik respublika (1924-1927; 1953-1990)
Stalinist bir partiyali totalitar diktatura (1927-1953)
Unitar prezidentlik respublika (1990-1991)
Birinchi kotib
 •  1925—1927 (ilk) Vladimir Ivanov
 •  1989—1991 (soʻnggi) Islom Karimov
Hukumat boshchisi
 •  1924—1937 (ilk) Fayzulla Xoʻjayev
 •  1990—1990 (soʻnggi) Shukrullo Mirsaidov
Tarixi XX asr
 •  Turkiston ASSR, Buxoro XSR va Xorazm XSR oʻrnida Oʻzbekiston tuzilgan 27-oktabr 1924-yil
 •  Respublika eʼlon qilingan 5-dekabr 1924-yil
 •  Qoraqalpogʻiston ASSR qoʻshib olingan 5-dekabr 1936-yil
 •  Suverenitet eʼlon qilingan 20-iyun 1990-yil
 •  Mustaqillik eʼlon qilingan, Oʻzbekiston Respublikasi deb qayta nomlangan 31-avgust 1991-yil
 •  Mustaqillik tan olingan 26-dekabr 1991-yil
Maydoni
 •  1989-yil 447400 km²
Aholisi
 •  1989-yil (tax.) 19 906 000 
     Zichlik 44.492624050067 km²
Pul birligi Sovet rubli (SUR)
Telefon kodi +7 36/37/436
Oldingisi
Keyingisi
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
Xorazm Xalq Sovet Respublikasi
Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi
Tojikiston SSR
Oʻzbekiston
a. Tarixiy nomlari:
  • 1924–1936: Oʻzbekiston Sotsalistik Sovet Respublikasi (rus. Узбекская Социалистическая Советская Республика)
  • 1936–1991: Oʻzbekiston Sovet Sotsalistik Respublikasi (rus. Узбекская Советская Социалистическая Республика)
  • 1991: Oʻzbekiston Respublikasi (rus. Республика Узбекистан)

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi, Oʻzbekiston SSR, OʻzSSR (rus. Узбекская Советская Социалистическая Республика) — Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan respublikalarning biri. Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hamda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi hududlarining, asosan, oʻzbeklar va qoraqalpoqlar yashaydigan qismlarida vujudga kelgan. 1924-yildan 1936-yilgacha Oʻzbekiston Sotsalistik Sovet Respublikasi (rus. Узбекская Советская Социалистическая Республика) deb atalgan. Ayrim manbalarda Sovet Oʻzbekistoni deb yuritiladi.

Poytaxti 1925-yil fevraldan to may oyigacha Buxoro, 1925-yil maydan to 1930-yil dekabrgacha Samarqand, 1930-yil oxiridan Toshkent. Tarkibiga Qoraqalpogʻiston ASSR kirgan. Respublika 11 oblastga boʻlingan, 156 rayon, 123 shahar, 98 shahar tipidagi posyolkasi boʻlgan.[1]

Oʻzbekiston SSRning maydoni 447 400 km² boʻlgan. Aholisi 1926-yilda 5 miliondan ortiq boʻlgan, 1989-yilga kelib 20 millionga yetgan. 1989-yilda Oʻzbekiston SSRda oʻzbeklar (14 milliondan oshiq), qoraqalpoqlar (411 900), tojiklar (933 600), qozoqlar (808 200), qirgʻizlar (174 900), turkmanlar (121 600) yashagan.

Oʻzbekiston SSR hududi shimol va shimoli-gʻarbda Qozogʻiston SSR, janubi-gʻarbda Turkmaniston SSR, janubi-sharqda Tojikiston SSR, shimoli-sharqda Qirgʻiziston SSR, janubida Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlgan.

Oʻzbekiston SSRda boshqa sovet respublikalaridagi kabi bir necha ommaviy qatagʻon amalga oshirilgan. Biroq bunday holatlarga qaramasdan, mamlakatda yuzlab sanoat korxonalari qurilgan, yangi shahar va posyolkalarga asos solingan. Savodsizlikni tugatish ishlari olib borilgan, pedagogik va ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida yangi maktablar, texnikumlar va intstutlar ochidgan. Mirzachoʻl va boshqa choʻllarning oʻzlashtirilishi natijasida ekin maydonlari kengaygan.

Oʻzbekiston SSR 1990-yilning 20-iyunida suverenitet eʼlon qildi. Ammo 1991-yilning 31-avgustida mustaqillik eʼlon qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi deb qayta nomlangunicha Sovet Ittifoqi tarkibida qoldi. Oʻzbekiston mustaqilligi 1991-yilning 26-dekabrida Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin tan olindi.

Tarixi

Tashkil topishi

Paranji kiyib olgan ayollar yengil atletikachini tomosha qilmoqda. Maks Penson surati.

Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilishi natijasida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tugatilib, uning hududi yangi tuzilgan Oʻzbekiston SSR, Turkmaniston SSR,Tojikiston ASSR (Oʻzbekiston SSR tarkibida, 1929-yildan Tojikiston SSR), shuningdek, Qoraqirgʻiz avtonom viloyati (Rossiya SFSR tarkibida; Qirgʻiziston SSR), Qoraqalpoq avtonom viloyati (Qozogʻiston ASSR tarkibida; keyinchalik Qoraqalpogʻiston ASSR, 1936-yildan Oʻzbekiston SSR tarkibida) tarkibiga kiritildi.

Umumoʻzbek sovetlarining Buxoroda boʻlgan birinchi qurultoyi (1925-yil 13-17 fevral)da „Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish toʻgʻrisida deklaratsiya“ qabul qilindi. Qurultoyda respublikaning oliy organlari: Oʻzbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi (Oʻzbekiston SSR MIK) va Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti (Oʻzbekiston SSR XKS tuzilgan).

Oʻzbekiston SSR Butunittifoq sovetlarining 3-sʼyezdida (1925-yil 13-may)da SSRI tarkibiga kiritilgan. 1927-, 1937-, 1978-yillarda Oʻzbekiston SSR konstitutsiyalari qabul qilingan.

1920-yillar

Respublikadagi dehqonlarni gʻoyaviy jihatdan birlashtirib turgan tashkilotlardan biri „Qoʻshchi“ ittifoqi boʻlgan (1920-33-yillarda faoliyat koʻrsatgan). 1924-yilda 200 ming kishini oʻziga birlashtirgan bu ittifoq ham asta-sekin bolsheviklarning qishloqdagi mustabid siyosati targʻibotchisiga aylangan. Qishloq kambagʻallarining eng qashshoq qismini oʻzida birlashtirgan bu tashkilot kollektivlashtirish (jamoalashtirish) va „quloqlashtirish“ davrida salbiy rol oʻynadi.

Xalqaro xotin-qizlar kunida paranjilarni yoqib yuborish marosimi. Andijon, 1927-yil.

Oʻzbekiston SSRda bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan „sotsialistik tajriba“ mahalliy xalq tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Sovet hokimiyatining dastlabki 10 yilliklarida milliy rahbar xodimlar va ziyolilar tomonidan markazning zoʻravonligiga qarshi ochiq tanqidiy fikrlar aytilgan. Muxolifat ayrim davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, maorif xodimlari va huquqshunoslarni oʻzaro birlashtirgan edi.

1925-29-yillarda Oʻzbekistonda yer-suv islohoti amalga oshirildi. Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab uch bosqichda oʻtkazildi. Keyinchalik qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirish amalga oshirilib, kolxoz va sovxozlar tuzildi. Biroq shoʻrolar hokimiyati oʻziga toʻq dehqon xoʻjaliklarini „quloq“ („mushtumzoʻr“) sifatida tugatish siyosatini olib borgan.

1930-yillar

Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi repressiya siyosatini amalga oshirgan boʻlsa, 30-yillardan boshlab oʻz xalqiga nisbatan ommaviy terrorni qoʻlladi. XX asr 20-yillarining ikkinchi yarmi va 30-yillar boshida Oʻzbekiston SSRda „Oʻn sakkizlar guruhi“, „inogʻomovchilik“, „qosimovchilik“, „badriddinovchilik“, „milliy ittihodchilar“, „narkompros ishi“ kabi siyosiy ishlar toʻqilishi va Munavvarqori boshchiligidagi milliy ziyolilarning qamoqqa olinishi natijasida koʻplab oʻzbek ziyolilari qatagʻon qilindi. 1931-yil aprelda Moskvada boʻlib oʻtgan sud majlisidan keyin Munavvarqori boshchiligidagi 15 kishi otib tashlandi, qolgan 70 kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.

Lotin alifbosida yozilgan oʻzbekcha plakat: „Kolxozlarda mehnat intizomini mustahkamla!“ Toshkent, 1933-yil.

30-yillar oʻrtasiga kelganda butun mamlakatda boʻlgani singari Oʻzbekiston SSRda ham ommaviy qatagʻonlar avj oldi. Respublikadagi aksariyat siyosiy rahbarlar 1937-38-yillarda „millatchilik va sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish“da, shuningdek, qurolli qoʻzgʻolon koʻtarishni tayyorlashda ayblandi. Fayzulla Xoʻjayev, Akmal Ikromov, Sulton Segizboyev kabi siyosiy rahbarlar qatl etildi.

Oʻzbekiston SSR jamiyatning barcha tabaqalariga yoyilgan hibsga olish toʻlqini ostida qoldi. Davlat va jamiyat arboblari, xoʻjalik rahbarlari va oddiy kishilar bilan bir qatorda milliy ziyolilar ommaviy ravishda qatagʻon qilindi. XX asr oʻzbek adabiyotining arboblari; Fitrat, Choʻlpon va Abdulla Qodiriy va boshqalar otib tashlandi.

1937-39-yillarda toʻqib chiqarilgan soxta ayblovlar boʻyicha Oʻzbekistonda 41 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37 mingdan ortigʻi jazolandi, 6 920 kishi esa otib oʻldirishga hukm qilindi. Umuman olganda, 1937-53-yillarda Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) troykasi (uchligi) tomonidan 100 mingdan ortiq kishi qatagʻon qilindi, ulardan 15 ming nafari otib tashlandi. 1936-40-yillarda faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar va olimlardan 5 758 kishi qamoqqa olinib, ulardan 4 811 kishi otib oʻldirishga hukm qilingan edi.

1940-yillar

Ikkinchi jahon urushi yillari

xxIkkinchi jahon urushiʼʼ yillarida Oʻzbekiston SSRdan 1,5 million kishi frontga ketgan, ulardan 450 mingdan ortiq kishi jang maydonlarida halok boʻlgan. Fashistlar bosib olgan hududlardan Oʻzbekistonga 1 milliondan ortiq kishi, jumladan, 200 ming bola evakuatsiya qilindi.

Uchuvchi ayollar. Maks Penson surati.

1943-44-yillarda qalmoqlar, qrim tatarlari, chechenlar, ingushlar, olmonlar, qorachoylar, yunonlar, mesxetin turklari, bolqorlar oʻz tarixiy vatani yoki doimiy yashash joylaridan mamlakatning sharqiy hududlariga koʻchirib yuborildi. Qrimdan 151 604 qrim tatarlari, Gurjistondan 110 ming mesxetin turklari, Shimoliy Kavkazdan 175 ming chechen, 20 mingdan ortiq ingush, 4 500 bolqor, arman va yunonlar Oʻzbekiston SSRga koʻchirildi. Koʻchirib keltirilganlar orasida boshqa xalqlarning vakillari ham oz emas edi. Maxsus koʻchirib keltirilganlarning koʻpchiligi kolxoz va sovxozlarga ishga joylashdilar, keyinchalik Mirzachoʻlni oʻzlashtirishda ishtirok etdilar.

Urush yillarida Oʻzbekiston SSR qishloq xoʻjaligi ahli eng murakkab va ogʻir sharoitlarda mehnat qilib, davlatga 4 148 000 tonna paxta, 82 million pud gʻalla, 54 067 tonna pilla, 195 ming tonna sholi, 57 444 tonna hoʻl meva, 36 ming tonna quruq meva, 159 300 tonna goʻsht, 22 300 tonna jun va boshqa mahsulotlarni yetkazib berdilar. Urushda vayron boʻlgan xalq xoʻjaligini tiklashga yordam berish uchun koʻplab oʻzbekistonliklar Rossiya SFSR, Ukraina SSR, Belorussiya SSR va boshqa respublikalarga joʻnatildi.

1940-yillarning ikkinchi yarmi

Urush tugagach, oradan koʻp oʻtmay Oʻzbekiston SSR boʻylab yana bir yalpi qirgʻin toʻlqini yelib oʻtdi. XX asrning 40-yillari oxiri va 50-yillari boshidagi qatagʻonlar, asosan, madaniyat va fan arboblariga qarshi qaratiddi. Oʻzbekiston Kompartiyasi MK markazning yoʻl-yoʻriqlariga tayangan holda dunyoqarashi va ijodi partiya mafkurasidan farq qiladigan ijodiy ziyolilar vakillariga qarshi hujum boshladi. Yozuvchi va shoirlardan Said Ahmad, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Maqsud Shayxzoda, Mirkarim Osim, Hamid Sulaymonov, shuningdek, Muhiddin Qoriyoqubov 1951-yilda „sovetlarga qarshi millatchshgik faoliyati“ olib borganlikda ayblanib qamoqqa olindilar va 25 yil ozodlikdan mahrum etildilar. Oʻzbek xalqining faxri xisoblangan Oybek badnom qilindi.

1950-1970-yillar

Paxta tozalash zavodi ishchilari. Maks Penson surati.

20-asrning 50-80-yillarida Oʻzbekiston SSRda turli sanoat korxonalari qurilgan, yangi shahar va posyolkalarga asos solingan. Mirzachoʻl va boshqa choʻllarning oʻzlashtirilishi natijasida ekin maydonlari kengaygan. Xalqning turmush darajasi muayyan darajada yaxshilangan. Ayniqsa, Oʻzbekiston iqtisodiyoti markaz manfaatlariga boʻysundirilgan. SSRIning agrar respublikalaridan biriga aylangan Oʻzbekiston SSRda paxta yakkahokimligi oʻrnatilgan. XX asrning 60-yillarida Orol dengizining qurishi boshlandi va u mintaqadagi ekologik muhitga jiddiy zarar yetkazdi.

1980-yillar

XX asrning 80-yillari boshlariga kelganda sovet rejimi, uning siyosiy tizimi va xoʻjalik yuritish usullari oʻzining rivojlanish imkoniyatlarini tugata boshlagan. Oʻzbekiston SSR iqtisodiyoti ham, katta xom ashyo va tabiiy boyliklar zahirasiga ega boʻlishiga qaramasdan, SSRIning markaziy hududlaridan juda tez ortda qola boshlagan.

Oʻzbekiston SSRning ijtimoiy-siyosiy hayotida 1984-yil 23-iyunda boʻlgan Oʻzbekiston Kompartiyasi MK 16-plenumi mashʼum rol oʻynagan. Moskva tashabbusi va koʻrsatmasi bilan tashkil qilingan bu plenumda qabul qilingan hujjatlar Oʻzbekiston SSRda oʻzbek xalqini asossiz badnom etish kompaniyasini boshlab berdi.

Oʻzbekiston kompartiyasi 60 yilligiga bagʻishlangan pochta markasi

SSRI Bosh prokurori huzurida alohida muhim ishlar boʻyicha maxsus 12 kishilik tergovchilar guruhi tuzilib, 1983-yildayoq Oʻzbekiston SSRga yuborilgan edi. Ular keyinchalik markazdan respublikaga kelgan „desantchilar“ga tayanib, Oʻzbekistonda navbatdagi qatagʻonni amalga oshirdi.

Oʻzbekiston SSRda paxta tayyorlash va uni qayta ishlash bilan bogʻliq jarayonlardagi „qoʻshib yozish“, „oʻgʻrilik“, „koʻzboʻyamachilik“, „poraxoʻrlik“ va hokazolarni tergov qiluvchi Gdlyan va Ivanov guruhining talabi bilan respublikadagi jamoa xoʻjaliklari raislari va sovxoz direktorlarining 60 fozi, qishloq xoʻjaligi yetakchi mutaxassislarining 45 foizi, paxtachilik brigada boshliqlarining 35 foizi, shuningdek, koʻplab rahbarlar, viloyatlar va tumanlar partiya qoʻmitasi kotiblari, respublika miqyosidagi partiya, sovet va xoʻjalik rahbarlari oʻz vazifalaridan olib tashlandi va ularga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

1983-90-yillarda Oʻzbekiston SSRda „paxta ishi“ boʻyicha jami 40 ming kishi tergov qilindi, 5 ming kishi esa soxta ayblar bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida inson huquqlari toptalib, tutqunlarga jismoniy va ruhiy tazyiq oʻtkazildi. Ularning oila aʼzolari va qarindosh-urugʻlari ham qamoqqa tashlandi.

Mustaqillikka erishishi

Oʻzbekiston SSRda qilingan qatagʻon va yovuzliklar xalq ommasini sovet rejimiga nisbatan nafratini oshirdi, tuzumga boʻlgan munosabatini keskin oʻzgartirdi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda respublikada mustaqillik uchun kurash kuchaydi. 1990-yil 20-iyunda Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti „Mustaqillik deklaratsiyasi“ni qabul qildi. 1991-yil 31-avgustda „Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qilish toʻgʻrisida“ qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishdi.

Maʼmuriy boʻlinishi

Oʻzbekiston SSR maʼmuriy jihatdan 1925-yilda dastlab 8 ta viloyat (Samarqand, Toshkent, Fargʻona, Xoʻjand, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm) va Tojikiston ASSR (1929-yilgacha Oʻzbekiston SSR tarkibida boʻlgan), 22 uyezd va 241 volostga boʻlingan. 1926-yilda maʼmuriy-iqtisodiy rayonlashtirish amalga oshirilgan.

1987-yilda Oʻzbekiston SSR tarkibiga Qoraqalpogʻiston ASSR (1936-yildan u Oʻzbekiston SSR tarkibida boʻlgan), 12 ta oblast (Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona, Xorazm, Qashqadaryo), 155 rayon, 123 shahar, 95 ta posyolka hamda Toshkent shahri kirgan.

Oʻzbekiston SSR poytaxti 1925-yil fevraldan to may oyigacha Buxoro shahri boʻlgan. 1925-yil maydan to 1930-yil dekabrgacha Samarqand shahri poytaxt boʻlgan. 1930-yil oxiridan poytaxt Toshkentga koʻchgan.

Boshqaruv tizimi

Oʻzbekiston SSR siyosiy hayotida Oʻzkompartiya (1925-yil fevralda Buxoroda tuzilgan) yetakchi rol oʻynagan. OʻzSSR da hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi – OʻzSSR Oliy Soveti (1937 yildan) hamda ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organi – OʻzSSR Ministrlar Soveti (1946 yildan) hisoblangan. Davlat hokimiyatining mahalliy organlari – 2,5 yilga saylanadigan xalq deputatlarining oblast, rayon, shahar, posyolka, qishloq va ovul sovetlari boʻlgan. Biroq amalda hokimiyat Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS)ning respublikadagi boʻlimi – Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi va markaz gumashtalari qoʻlida boʻlgan. OʻzKP(b) eʼtiborini sovet hokimiyatini mustahkamlashga, bosmachilik va mahalliy mulkdorlarga qarshi kurashga, sotsialistik industrlashtirishni amalga oshirishga, qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirishga, madaniy inqilobni oʻtkazishga qaratgan.

Oʻzbekiston SSR tashkil qilinganidan soʻng respublika davlat boshqaruvi organlari Ittifoq organlari tartibida va ulardan andoza olingan holda tuzilgan. Bu ittifoqdosh respublikalarning markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam shakli edi.

Mehnat ahlining eng ommaviy tashkiloti – kasaba uyushmalari ham partiya qoʻmitalariga toʻlatoʻkis qaram boʻlib qolgan. Mustabid tuzum yosh avlodni kommunistyk ruhda tarbiyalashga muntazam eʼtibor qaratgan. Bu ishlar bilan Butunittifoq leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (VLKSM) ning Oʻzbekistondagi organi – Oʻzbekiston leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (OʻzLKSM) shugʻullangan.

Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasida Oʻzbekiston SSR Sovet Ittifoqi tarkibidagi teng huquqli suveren respublika sifatida oʻz hududida davlat hokimiyatini mustaqil ravishda amalga oshiradi, chet davlatlar bilan aloqa bogʻlash, ular bilan shartnomalar tuzish hamda diplomatik va konsullik vakillari ayirboshlash, xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish huquqiga ega deb belgilab qoʻyilgan boʻlsa ham, amalda Oʻzbekistonning huquqi Rossiya SFSR tarkibidagi oblastlar yoki avtonom respublikalar huquqi bilan tenglashtirilib qoʻyilgan edi. Yuqori lavozimdagi kadrlarni tayinlash yoki olib tashlash markazdan turib hal qilinar edi.

OʻzSSR Xalq Komissarlari Sovetining raislari

OʻzSSR Ministrlar Sovetining raislari

OʻzSSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining raisi

OʻzSSR Kompartiyasi MKning birinchi kotiblari

OʻzSSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi raislari

OʻzSSR Oliy Soveti Prezidiumi raislari

OʻzSSR Oliy Soveti raisi

Iqtisodi

Oʻzbekistonning sovet davri tarixi muayyan yoʻqotishlar va fojialar bilan birgalikda katta qurilishlar va sanoat korxonalari bunyod etilgan davr hamdir. Aynan shu davrda Oʻzbekiston SSR zamonaviy qishloq xoʻjaligi respublikasiga aylantirildi. Bu yillarda iqtisodiyot, madaniyat, maorif, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot sohalarida muayyan yutuqlarga erishildi.

Oʻzbekiston SSRda 1925-26-yillarda ishchilar soni 11 900 kishiga yetdi. Ularning 29,3 foizini mahalliy millat vakillari tashkil etardi. Oʻzbekiston uchun sanoat qurilishini keng surʼatda jadallashtirish nihoyatda zarur edi. Chunki respublika iqtisodiyoti XX asrning 30-yillari boʻsagʻasida ham agrar xususiyatga egaligicha qolayotgan edi. 1927-yilda Oʻzbekiston SSR xalq xoʻjaligida qishloq xoʻjaligining salmogʻi 62,6 foiz, sanoatning salmogʻi 37,4 foizni tashkil etar, shu bilan birga sanoat ishlab chiqarishning 90 foizi qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlashga asoslangan edi. Iqtisodiyot xom ashyo yoʻnalishida boʻlganligi sababli Oʻzbekiston SSR sanoati faqat bir tomonlama ixtisoslashtirilayotgan edi: uning 2/3 qismiga yaqini paxta tozalash sanoati hissasiga toʻgʻri kelardi, u butunlay metropoliya ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilardi, uning boshqa tarmoqlari oʻz holicha rivojlanib, umuman, SSRI iqtisodiyoti bilan zaif bogʻlangan edi.

Birinchi besh yillik

Oʻzbekiston SSRda qurilish ishlari. Maks Penson surati.

Birinchi 5 yillik davri (1928-32)da Oʻzbekiston SSRda 289 ta sanoat korxonasi qurildi va ishga tushirildi, 79 ta korxona qayta tashkil etildi, sanoatning asosiy ishlab chiqarish fondlari 3 baravar, neft qazib chiqarish 2,5 baravar, metall ishlash sanoati mahsulotlari 6 baravar, sement ishlab chiqarish 3,5 baravar ortdi. Yengil sanoatning konchilik, poyabzal ishlab chiqarish, tikuvchilik sohalari va ip-gazlama ishlab chiqarish surʼatlari oshib bordi. Ana shu davrda Oʻrta Osiyoda paxtachilik, mashinasozlik sanoatining toʻngʻichi boʻlgan „Tashselmash“ va Quvasoy sement zavodi barpo etildi. „Chirchiqqurilish“, Toshkent toʻqimachilik kombinati qurilishi tez surʼatlar bilan olib borildi. Fargʻona toʻqimachilik fabrikasi va yogʻ zavodi, Buxoro, Toshkent va boshqa shaharlarda tikuvchilik fabrikalari ishga tushirildi.

Sanoatning rivojlantirilishi energetika bazasini kengaytirishni talab qilardi. Fargʻona, Samarqand, Toshkent va boshqa joylarda yangi elektr stansiyalari qurildi. 1932-yilda barcha elektr stansiyalarining soni 1928-yildagi 16 ta oʻrniga 49 taga yetdi, elektr quvvati ishlab chiqarish esa 7 baravardan ziyodroq oshdi.

Ikkinchi besh yillik

Ikkinchi 5 yillik davri (1933–37)da Oʻzbekiston SSRda barpo qilinadigan sanoat korxonalari mahalliy sharoit va milliy manfaatlarni emas, balki markaz ehtiyojlarini hisobga olib rejalashtirilgan edi. Mas, Chirchiqdagi azotli oʻgʻitlar zavodi va Toshkent toʻqimachilik kommbinatini barpo etishdan maqsad Oʻrta Osiyo mintaqasida paxtachilikni rivojlantirishdan iborat boʻlgan. Umuman ikkinchi 5 yillik davrida 189 ta turli sanoat korxonalari va elektr stansiyalari barpo etildi. Ular orasida Fargʻonadagi yigirish-toʻqish fabrikasi, Xavdogʻ va Uchqizil neft konlari, Toshkent matbaa kombinati, Qoʻqon superfosfat zavodi, Buxorodagi issiqlik elektr stansiyalari, Qodiriya va Boʻrjar stansiyalari, Toshkent lok-boʻyoq zavodi va boshqalar bor boʻlib, ular, asosan, Sovet Ittifoqi ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qilgan.

Uchinchi besh yillik

Industrial ishchi. Maks Penson surati.

Urushdan oldingi uchinchi 5 yillik davri (1938–42)da sanoat rivojlanishida siljish kuzatildi. Urushning boshlanishiga kelib, Oʻzbekiston SSRda 134 ta sanoat korxonasi qoʻshimcha ravishda ishga tushirildi. Ular orasida Chirchiq elektr-kimyo kombinati, Toshkent toʻqimachilik kombinatining 2 navbati, Moʻynoqdagi yirik baliq-konserva zavodi bor edi. Chirchiq GES, Olmaliq mis eritish kombiti, Quvasoy GRESi, Tovoqsoy va Samarqand GESlarini qurish, Angrendagi koʻmir konini ishga tushirish jadal surʼatlar bilan bordi.

Urush boshlanishi vaqtiga kelib respublikaning sanoat potensiali 1 445 ta yirik va oʻrta sanoat korxonalarini hamda 19 mingta mayda korxonalarni oʻz ichiga olgan. Oʻzbekiston SSR vositalarini va isteʼmol buyumlarini ishlab chiqaradigan tarmoqlar oʻrtasidagi nisbat jiddiy ravishda oʻzgardi. Yirik sanoat salmogʻi 1928-yildagi 16,3 foizdan 1940-yilda 32,8 foizga koʻtarildi.

Sanoatni kadrlar bilan taʼminlash jarayoni ziddiyatli xususiyatga ega boʻldi. Umuman, shiddatli industrlashtirish surʼatlari ishchilar va muhandis-texnik kadrlar bilan taʼminlashning miqdor jihatidan oʻsishiga obʼyektiv sharoit yaratdi. Masalan, yirik sanoatda ishchilar sinfining soni birinchi 5 yillikdagi 17,9 mingdan 62,4 ming kishiga yetdi yoki deyarli 3,5 baravar ortdi. 1937-yilga kelib sanoat ishchilarining umumiy miqdori 181 ming kishidan iborat boʻlgan. Lekin ular orasida mahalliy millat vakillari ozchilikni tashkil qilgan.

Urushdan keyingi yillar

Sovet davlatining siyosiy rahbariyati, xalq xoʻjaligini boshqarishda oʻzlari yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklar natijasida yuzaga kelgan yoʻqotishlar oʻrnini maʼmuriy buyruqbozlik orqali majburlash va yuqoridan tashkil qilingan „sotsialistik musobaqa“, „zarbdorlik“, „staxanovchilik“ va boshqa bir qator ishchilar harakatlari vositasida „ommaning inqilobiy gʻayrat-shijoati“ni avj oldirish bilan qoplashga intildi.

Oʻzbekiston SSRda paxta yakkahokimligi oʻrnatilgan. Buxoro, 1973-yil. Urbain J. Kinet surati.

Oʻzbekiston SSR Sovet Ittifoqiga paxta xom ashyosini yetkazib beruvchi asosiy respublika hisoblangan. Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxtaning asosiy qismi Rossiyaning toʻqimachilik fabrikalariga qayta ishlash uchun yuborilgan va chet ellarga eksport qilingan. Oʻzbekiston sanoati, asosan, qishloq xoʻjaligi ehtiyojlariga xizmat qilishga yoʻnaltirilgan edi. Sanoatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga dastlabki tarzda ishlov beradigan tarmoqlar asosiy oʻrinni egallaydi. Respublika xom ashyosining pirovard mahsuloti Sovet Ittifoqi sanoat markazlarida ishlab chiqarilar, binobarin, foydaning asosiy qismi ham oʻsha yerda qolardi. Shuningdek, Buxoro – Ural va dunyoda eng uzun Oʻrta Osiyo – Markaz gaz quvurlari orqali Oʻzbekistonning tabiiy gazi Rossiya SFSR va Sharqiy Yevropa davlatlariga joʻnatilgan. Lekin respublikadagi shahar va qishloqlarning aksariyat qismi gazlashtirilmagan edi. Oʻzbekistonda qazib olingan oltin, uran va boshqa nodir metallarning eksportidan kelgan valyuta markazning xazinasiga tushgan. Respublikada ishlab chiqarilgan sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 42 ta mamlakatga eksport qilingan, lekin Oʻzbekiston SSR chet ellar bilan aloqa oʻrnatish, xorijiy firmalar va kompaniyalar bilan bevosita iqtisodiy shartnomalar tuzish huquqidan mahrum edi. Bunday vakolat faqat markazdagi Ittifoq ministrliklari va idoralari zimmasida boʻlgan.

Demografiyasi

Oʻzbekiston SSR aholisi 1926-yilda 5 miliondan ortiq boʻlgan, 1989-yilga kelib 20 millionga yetgan. 1989-yilda Oʻzbekiston SSRda oʻzbeklar (14 milliondan oshiq), qoraqalpoqlar (411 900), tojiklar (933 600), qozoqlar (808 200), qirgʻizlar (174 900), turkmanlar (121 600) yashagan.

Viloyat Hududi, km² Aholisi Oʻzbeklar Ruslar Tojiklar Qozoqlar Tatarlar Qrim tatarlari Qirgʻizlar Turkmanlar Qoraqalpoqlar Koreyslar Ukrainlar Turklar
Qoraqalpogʻiston 164 900 1 212 207 397 826 19 846 128 318 739 7 769 27 60 244 389 146 9 174
Xorazm 6 300 1 012 313 957 623 12 179 255 14 155 7 829 27 5 960 910 6 434
Buxoro 142 100 1 622 484 1 226 967 133 197 50 920 91 126 36 835 9 781 8 147 15 739 3 226 12 870 1 500
Samarqand 24 500 2 281 872 1 764 872 113 522 209 161 8 185 35 044 3 368 6 504 14 226 18 495
Qashqadaryo 28 400 1 595 760 1 399 238 37 579 79 876 21 184 7 175 19 722 649
Surxondaryo 20 800 1 249 879 993 244 37 846 160 837 3 732 16 996 54 18 225 3 707
Sirdaryo 25 600 1 297 949 923 534 88 415 58 947 71 406 33 947 19 016 29 326 16 730 18 655
Toshkent shahri 400 2 060 206 910 334 701 326 14 857 30 607 129 236 13 516 3 621 43 973 59 988
Toshkent 15 200 2 143 462 1 075 486 313 855 89 625 266 365 106 160 64 880 10 086 76 178 26 558 43 168
Fargʻona 7 100 2 148 737 1 735 011 123 826 114 482 32 726 22 833 43 552 6 504 11 100 13 582
Andijon 4 200 1 721 337 1 506 993 44 658 24 509 24 870 9 781 70 446 4 707 5 000
Namangan 7 900 1 470 871 1 252 218 27 229 129 963 15 235 11 640 16 177 3 676 3 000
Jami 447 400 19 810 077 14 142 475 1 653 478 933 560 808 227 467 829 188 772 174 140 121 578 411 878 183 140 153 197 106 302

Madaniyati

Oʻzbekiston SSRda bolsheviklar partiyasi tomonidan XX asrning 20-yillar oxiri – 30-yillar boshida amalga oshirilgan „madaniy inqilob“ oʻzbek milliy madaniyatiga qattiq zarba berdi. Markaz tomonidan oʻzbek xalqining urf-odatlari va asriy qadriyatlari zararli deb hisoblanib, ular man etildi. Shuningdek, sovet davrida Islom dini va uning qadriyatlari oyoqosti qilindi. Oʻzbek tili ikkinchi darajali tilga, rus tili esa davlat va asosiy muomala tiliga aylantirildi.

Talabalar yangi oʻzbek kirill alifbosi bilan tanishmoqda. Toshkent, 1943-yil.

Biroq bunday holatlarga qaramasdan, sovet davrida mamlakatda madaniyat sohasida kattat yutuqlarga ham erishildi. Savodsizlikni tugatish ishlari olib borildi, pedagogik va ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida yangi maktablar, texnikumlar va intstutlar ochiddi. Mafkuraviy tazyiqlarga qaramay, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir kabi yozuvchi va shoirlar, Habib Abdullayev, Ibrohim Moʻminov, Obid Sodiqov, Yahyo Gʻulomov kabi olimlar, Olim Xoʻjayev, Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Lutfixonim Sarimsoqova, Halima Nosirova, Tamaraxonim kabi sanʼatkorlar yetishib chiqdi.

1929-yilda arab imlosiga asoslangan oʻzbek yozuvi lotin, 1940-yilda esa kirill imlosiga almashtirildi. 1993-yilning 2-sentabrida – Sovet Ittifoqi parchalnib ketib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidna keyin Oʻzbekistonda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi. Ammo yangi yozuvga oʻtish jarayoni haligacha oʻz yakuniga yetgani yoʻq.

Sovet davrida oʻzbek tilining ilk keng qamrovli izohli lugʻati hamda oʻzbek tilidagi ilk umumiy ensiklopediya – 14 jildli „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ chop etildi, minglab xorij yozuvchi va shoirlarining asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilindi.

Manbalar

  1. "Oʻzbekiston SSR" (oʻzbekcha). Ensiklopedik lugʻat. 2. Toshkent: Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1988. p. 464. 5-89890-018-7. 

Adabiyot

  • „Oʻzbekistonning yangi tarixi“, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], Toshkent, 2000;
  • Azizxoʻjayev A., „Mustaqillik: kurashlar, iztiroblar, quvonchlar“, Toshkent, 2001;
  • Alimova D. A., Golovanov A. A., „Oʻzbekiston mustabid sovet tuzumi davrida: siyosiy va mafkuraviy tazyiq oqibatlari“, Toshkent, 2000;
  • „Tarix shohidligi va saboqlari“, Toshkent, 2001;
  • „Oʻzbekiston tarixi“ (1917-1991 yil), Toshkent, 2002;
  • Shamsutdinov R., „Qishloq fojeasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun“, Toshkent, 2003.

Havolalar